O‘zbekistonda demokratiya
"Yuksalish" harakati va Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti hamda "Mintaqaviy muloqot" (Regional Dialogue) xalqaro nodavlat tashkilotining oylik byulleteni Axborotnoma № 51 2024-yil 5-noyabr Mazkur elektron nashr AQSH Davlat departamentining Huquqni muhofaza qilish faoliyati va xalqaro giyohvand moddalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish Byurosi (INL) ko‘magida tayyorlandi. Axborotlar mazmuni uchun mualliflar javobgar, INL yoki AQSH hukumati nuqtayi nazarini bildirmaydi.
|
|
|
---|
|
O‘zbekiston Prezidenti BRIKS sammitida nutq so‘zladi |
|
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23−24-oktyabr kunlari Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “BRIKS plyus” sammitida jahondagi boshqaruv institutlarini isloh qilish hamda “Janub—Janub” va “Shimol—Janub” formatlaridagi mas’uliyatli muloqotlarni kengaytirishga chaqirdi. Davlat rahbari ziddiyatlar soni ortib borayotgani va jahon iqtisodiyotining tarqoqligini qayd etib, BRIKS doirasidagi hamkorlik BMT rolini saqlab qolgan holda yanada adolatli dunyo tartibini ta’minlashga hissa qo‘shishini ta’kidladi. “Eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarning o‘tkir ijtimoiy va ekologik tahdidlarni hal etish, kambag‘allik darajasini kamaytirish, texnologik tavofutlarni qisqartirish va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan milliy taraqqiyot dasturlarini faol qo‘llab-quvvatlash haqida bormoqda. Bunda ko‘p tomonlama moliya institutlari muhim o‘rin tutishi mumkin va shart. O‘zbekiston ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun BRIKSning yangi Taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirgan”, - dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezident, shuningdek, G‘azo va Livandagi gumanitar falokatga xalqaro e’tiborni qaratishga chaqirib, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va jabrlanganlarga yordam berish zarurligini ta’kidladi. U Afg‘onistondagi vaziyatdan xavotir bildirib, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi. Nutqining so’ngida Shavkat Mirziyoyev barcha manfaatdor mamlakatlarga BRIKSning Ishbilarmonlar kengashiga qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etdi. |
|
O‘zbekistondagi saylovda davomat 75 foizni tashkil etdi |
|
27-oktyabr kuni bo’lib o’tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlari deputatlari saylovida ro‘yxatga olingan saylovchilarning 74,72 foizi ovoz berdi. Bu 19 million 944 mingdan ortiq saylovchidan 15 million 27 ming 529 nafarini tashkil etadi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev Toshkentda o‘tkazilgan brifingda e’lon qildi. Bundan tashqari, chet ellardagi saylovchilar 165 ming 631 nafarni tashkil etdi. Shundan 140 388 nafari saylovda ishtirok etdi. 16-oktyabrdan 23-oktyabrgacha bir milliondan ortiq kishi, shu jumladan 132 667 nafar xorijda bo‘lgan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalangan. Markaziy saylov komissiyasi, shuningdek, proporsional tizim (partiyaviy ro‘yxatlar) va taqsimlangan mandatlar bo‘yicha ovoz berish yakunlarini ham e’lon qildi. Saylov kodeksiga muvofiq, mandatlarni taqsimlash uchun 199 282 saylov koeffitsienti hisoblab chiqilgan, bu ko‘rsatkich berilgan ovozlarning umumiy sonini (14 946 171) deputatlik mandatlari soniga (75) bo‘lish yo‘li bilan olingan. Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylovda deputatlik o‘rinlari siyosiy partiyalar o‘rtasida quyidagicha taqsimlandi: - O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi – 26 ta deputatlik o‘rni;
- “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 14 ta deputatlik o‘rni;
- Xalq demokratik partiyasi – 13 ta deputatlik o‘rni;
- “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 12 ta deputatlik o‘rni;
- Ekologik partiyasi – 10 ta deputatlik o‘rni.
Bu yilgi saylovlar aralash saylov (majoritar-proporsional) tizimi asosida o‘tkazildi. Bu tizim Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 tasini bir mandatli saylov okruglaridan majoritar saylov tizimi bo‘yicha, qolgan 75 tasini esa partiya ro‘yxati bo‘yicha proporsional saylov tizimi orqali saylash imkonini berdi. |
|
Yangi saylangan deputatlar ro‘yxatga olindi |
|
Markaziy saylov komissiyasining 31-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda saylangan deputatlar ro‘yxatga olindi. Saylov kodeksiga muvofiq, parlament quyi palatasiga saylov yakunlari ko‘rib chiqildi va bir mandatli saylov okruglaridan saylangan 75 nafar hamda yagona saylov okrugidan partiya ro‘yxati asosida saylangan 75 nafar, jami 150 nafar deputatlar ro‘yxatga olindi. Yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi natijalari bo‘yicha: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 26 ta; O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 14 ta; O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 10 ta; O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 13 ta; O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 12 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi. Saylov natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilandi. Saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etib, bu O‘zbekiston tarixida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Deputatlarning 2 nafari – 30 yoshgacha, 38,6 foizi – 30 yoshdan 45 yoshgacha, 46,6 foizi – 45 yoshdan 60 yoshgacha, 13,3 foizi – 60 yoshdan kattalarni tashkil etadi. Ilk bor 3 nafar nogironligi bor shaxslar deputat etib saylandi. |
|
Prezident saylangan deputatlarga murojaat qildi |
|
Shavkat Mirziyoyev 28-oktyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida o’tkazgan yig‘ilishida parlament saylovi borasidagi fikrlarini aytdi. Prezident mamlakat demokratik taraqqiyotning yangi davriga, sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘yganini ta’kidladi va: “Xalqimiz sizlarning yangi g‘oya va tashabbusingizga katta umid va ishonch bilan qaramoqda. El-yurtimiz yangi parlament va mahalliy kengashlar a’zolaridan ko‘p narsani kutmoqda”, - dedi . |
|
YXHT O‘zbekiston saylov sohasidagi islohotlarni davom ettirish tarafdori ekanini qayd etdi |
|
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovining dastlabki xulosalarini taqdim etdi va mamlakat Markaziy saylov komissiyasining saylov tizimini yanada takomillashtirishga intilishiga ijobiy baho berdi. Saylov kuni 33 davlatdan 322 xalqaro kuzatuvchi, jumladan 223 nafari YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi vakillari va YXHT Parlament Assambleyasining 56 nafar delegati butun mamlakat bo‘ylab ovoz berish jarayonini baholadi. Hisobotda ekspertlar ro‘yxatga olingan 5 ta siyosiy partiya uchun teng sharoitlar yaratilganini, shuningdek, ayollarning saylov huquqlari kengaytirilganini, bu borada ayollar uchun kvota 30 foizdan 40 foizgacha oshirilganini qayd etgan. Kuzatuvchilar saylov komissiyalariga kelib tushgan barcha shikoyatlar majburiy ro‘yxatga olinishi, takroriy ovoz berish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi kabi o‘zgarishlarni, xususiy telekanallar va veb-saytlar tomonidan tashkil etilgan bahs-munozaralarni ham ijobiy baholagan. Missiya O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining islohotlarni davom ettirish va tavsiyalarni amalga oshirish bo’yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. |
|
MDH missiyasi rahbari: O‘zbekistonda saylov ochiq va adolatli o‘tdi |
|
O‘zbekistonda deputatlar saylovini kuzatgan MDH kuzatuvchilari missiyasi saylov jarayoni yuqori darajada tashkil etilganini qayd etdi. Missiya rahbari Sergey Lebedevning ta’kidlashicha, saylov O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Saylov kodeksiga muvofiq, ochiq, raqobatbardosh va xalqaro standartlarga mos tarzda o‘tkazilgan. O‘zbekistonlik saylovchilar siyosiy yetuklik namoyon etgan, nomzodlarni tanlashga ongli yondashishgan. “Saylovchi nomzodlar dasturlarini to‘g‘ri baholay boshladi va populizmga berilmayapti, bu esa deputatlarni munosib tanlash garovidir”, — dedi Lebedev. MDH missiyasi tarkibiga 8 davlatdan 167 nafar kuzatuvchi, jumladan saylov komissiyalari vakillari, deputatlar va diplomatlar kirdi va ular saylovni tashkil etish sifati va saylov komissiyalari a’zolarining tayyorgarlik darajasini yuqori baholadi. |
|
ShHT Oʻzbekiston parlamentiga saylovlarni e’tirof etdi |
|
Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari missiyasi rahbari, ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Ermekboyev 27-oktyabrda O’zbekistonda o’tgan saylovlar haqida xulosasini aytdi. – Saylov ochiq va oshkora, O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligiga to‘la mos holda o‘tdi, deb xulosa qilishimiz mumkin, – dedi u. |
|
O‘zbekistonning Shvetsiyadagi yangi elchisi tayinlandi |
|
Rahmatulla Nurimbetov O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi sifatida lavozimiga kirishdi. U tayinlovga qadar, ya’ni 2023—2024-yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. |
|
Ugandaning birinchi elchisi O‘zbekistonga keldi |
|
Ugandaning O‘zbekistondagi birinchi elchisi Moses Kavaluko Kizige Toshkentga kelib, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Baxtiyor Saidov har ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarning boshlanishi oʻzaro manfaatli hamkorlik, jumladan ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, xalqaro tashkilotlarda hamkorlikda faoliyat yuritish, birgalikda ish olib borish uchun foydalanilmagan salohiyatdan foydalanish uchun mustahkam zamin yaratishini alohida taʼkidladi. |
|
O‘zbekistonning Sloveniyadagi birinchi elchisi tayinlandi |
|
Oybek Shaxavdinov qarorgohi Budapeshtda boʻlgan Oʻzbekistonning Sloveniyadagi birinchi elchisi boʻldi, deb xabar qildi Oʻzbekistonning Vengriyadagi elchixonasi. Elchi ishonch yorliqlari nusxalarini Sloveniya Tashqi va Yevropa ishlari vazirligi Diplomatik protokol departamenti boshlig‘i Natasha Praxga topshirdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. |
|
O‘zbekistonning Kobuldagi yangi elchisi ish boshladi |
|
O‘zbekistonning yangi favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov Afg‘oniston poytaxtiga yetib keldi. Kobulga tayinlanishidan oldin u Misr va Pokistonda elchi, 2011—2012- yillarda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. O.Usmonov pashtu, dari va ingliz tillarini biladi. U 2012—2024-yillarda Kobulda elchi bo‘lib ishlagan Yodgorxo‘ja Shadmanov o‘rnini egalladi. |
|
O‘zbekiston bir vaqtning o’zida ikki davlatga elchi tayinladi |
|
2023-yilning kuzida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi etib tayinlangan Dilshod Axatov endilikda qarorgohi Berlinda bo‘lgan O‘zbekistonning Shveytsariyadagi elchisi hisoblanadi. U Shveytsariya prezidenti Viola Amherdga ishonch yorliqlarini topshirdi. Amherd Shveytsariya hukumatining O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidlab, mineral-xom ashyo resurslarini o‘zlashtirish, yashil iqtisodiyot va energetikani joriy etish, shuningdek, suv va energiyani tejovchi texnologiyalar, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. |
|
O’zbekiston tashqi ishlar vaziriga yangi o‘rinbosar |
|
Olimjon Abdullayev O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining yangi o‘rinbosari etib tayinlandi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati. Ushbu tayinlov Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlandi. Abdullayev Tashqi ishlar vazirligida ko‘p yillik tajribaga ega va 2021-yildan 2024-yilgacha Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekistonning Bosh konsuli lavozimida ishlagan. |
|
O‘zbekistonning yangi elchisi Jakartada ish boshladi |
|
O‘zbekistonning yangi favqulodda va muxtor elchisi Oybek Eshonov o‘z vazifasini Indoneziya poytaxtida boshladi. Avvalroq, 2008—2017-yillarda u Isroilda elchi bo‘lgan, ushbu tayinlovgacha esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Janubiy Osiyo, Yaqin, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘limiga rahbarlik qilgan. Oybek Eshonov fors va ingliz tillarini yaxshi biladi. U o‘z lavozimida 2018—2022-yillarda O‘zbekistonning Jakartadagi elchixonasini boshqargan, hozirda “O‘zavtosanoat” AK boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulovni almashtirdi. |
|
| Xalqaro tashabbuslar haftaligida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi |
|
Haftalik doirasida O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan sessiya bo‘lib o‘tdi. Muhokama chog‘ida ishtirokchilar fuqarolik tashabbuslarining ahamiyati, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda nodavlat notijorat tashkilotlarining roliga e’tibor qaratdi. Erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish mamlakatning barqaror rivojlanishiga, demokratik jarayonlarni mustahkamlashga, fuqarolarning davlat boshqaruvida yanada faol ishtirok etishi uchun sharoit yaratishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Tadbirda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi, “Yuksalish” harakati, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nohukumat tashkiloti, Qozog‘iston Fuqarolik Alyansi rahbarlari so’zga chiqdi. |
|
Senat Raisi BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi Bosh kotibi bilan uchrashdi |
|
O‘zbekiston delegatsiyasi Jenevada bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 149-assambleyasida ishtirok etdi. Tadbir doirasida Senat raisi Tanzila Norboyeva BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi Bosh kotibi Rebeka Grinspan xonim bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida Norboyeva Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilayotgan Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha IV Butunjahon konferensiyasi yuqori saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidladi. Ishtirokchilar BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi bilan hamkorlikda mamlakatlarning innovatsiyalar, texnologiya va ishchi kuchini rivojlantirish sohasida hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan ijodiy texnoparklar global tarmog‘ini yaratish masalasi ham muhokama qilindi. |
|
Boshlang’ich maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfini kamaytirish bo’yicha tavsiyalar ijrosi o’rganildi |
|
Toshkentda boshlang‘ich sinflarga o‘qishga qabul qilishda korrupsiya xavfini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ijrosini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalarining jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadqiqot 2021-yilda “Aksilkorrupsiya laboratoriyasi” loyihasi doirasida o’tkazilgandi. Loyihani “Yuksalish” harakati va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nohukumat tashkiloti ko’magida amalga oshirib kelmoqda. Tadqiqotda Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligiga boshlang’ich maktablarda aniqlangan korrupsiya xavflarini kamaytirish bo’yicha tavsiyalar berilgandi. O‘rganishlarda boshlang‘ich maktabga qabul jarayonlarida korrupsiyaning asosiy xavf omillari sifatida byudjetdan moliyalashtirish kamligi va shaffof emasligi, maktablar uchun infratuzilma, jihozlar va moddiy-texnik ta’minoti yetishmasligi, malakali pedagog kadrlar tanqisligi, maktab xodimlarining oylik maoshi pastligi, ta'lim subyektlarida odob-axloq va xalollik tizimining yo'qligi aniqlangan. |
|
Ipoteka krediti boʻyicha davlat subsidiyalarini berishdagi nohalollik xavflari baholandi |
|
O’zbekistonda ipoteka krediti boʻyicha davlat subsidiyalarini berishdagi nohalollik xavflarini baholashga doir tadqiqot o’tkazildi. Natijalar jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Tadqiqot “Yuksalish” harakati va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nohukumat tashkiloti ko’magida amalga oshirib kelayotgan “Aksilkorrupsiya laboratoriyasi” loyihasi doirasida olib borildi. Xususan, respublikaning barcha hududlaridan 205 nafar ishtirokchi o‘rtasida anonim so‘rovlar, Samarqand, Jizzax, Farg‘ona, Toshkent viloyati, shuningdek, Toshkent shahrida “Sirli mijoz” usulida o’rganish ishlari tashkil etildi. Natijada asosiy xavf omillari aniqlandi. Toshkentda o’tgan jamoatchilik muhokamasida ipoteka kreditlari bo’yicha subsidiya ajratish jarayonlarida aniqlangan korrupsiyaviy xavf omillari ma’lum qilindi hamda subsidiyalarni taqsimlashning shaffofligi va samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar tinglandi. Taʼkidlanganidek, ipoteka kreditlari boʻyicha davlat subsidiyalarining joriy etilishi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashda muhim qadamdir. |
|
Migratsiya agentligi tashkil etildi |
|
Prezident farmoni bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tashkil etildi. Agentlik tashqi mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi, davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi. 2025-yil 1-yanvardan agentlikka xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq nazorat tadbirlarini o‘tkazishga ruxsat etiladi. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi Agentlikka o‘tkazilib uning negizida Migratsiya jamg‘armasi tashkil etiladi. |
|
Ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya to‘lash tartibi belgilandi |
|
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr energiyasi uchun kompensatsiya to‘lash tartibini tushuntirdi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 1,4 million oila kompensatsiya oladi, buning uchun davlat byudjetidan 370 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Oktyabr oyi oxirigacha "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari, Mahallalar uyushmasi va mahalliy hokimliklar tomonidan ehtiyojmand oilalar ro‘yxati tuziladi. Kompensatsiyalar kommunal xizmatlar xarajatlari sezilarli darajada oshadigan isitish davrida (noyabrdan fevralgacha) oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yiliga bir marta beriladi. Kompensatsiyalarning asosiy ro'yxatiga Yagona ijtimoiy himoya reestri orqali bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oluvchi 1,2 million oila kiradi. Qo'shimcha ro'yxatga yana 180 ming oila kiritiladi. |
|
Markaziy Osiyo yangi imkoniyatlar mintaqasiga aylanmoqda |
|
Toshkentda “Yangi Markaziy Osiyo: global transformatsiyalar davridagi muammolar va imkoniyatlar” xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Germaniyaning Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiya dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlaridan, jumladan, Markaziy Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerika mintaqalaridan 40 dan ortiq mutaxassis va tadqiqot markazlari vakillarini birlashtirdi. Institut direktori Eldor Aripov Markaziy Osiyo bosqichma-bosqich inklyuziv hamkorlik va manfaatlar yaqinlashuvi makoniga aylanayotganini aytdi. Avvalroq chegaralar yopilgan, mojarolar va savdo to‘siqlari tufayli keskinlik kuchaygan, deya eslatdi ekspert. Biroq prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan O‘zbekistonning yangi tashqi siyosiy strategiyasi tufayli mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilandi, chegaraoldi nizolari va savdo kabi murakkab masalalarga o‘zaro maqbul yechimlar topildi. Ta’kidlanishicha, Xitoy, AQSH va Yevropa Ittifoqi kabi hamkorlar bilan muloqot uchun 10 dan ortiq "MA plyus" platformalari ishga tushirildi va kelgusi yilda Janubiy Koreya hamkor davlatlar qatoriga qo‘shiladi. Ushbu aloqalarni qo‘llab-quvvatlash mintaqa mamlakatlariga ustuvor yo‘nalishlarni kelishib olish va Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga yordam beradi. |
|
O‘zbekistonda vazirlik va idoralar xodimlari soni yana qisqartirilmoqda |
|
Prezident farmoni bilan vazirlik va idoralarning rahbar va ishlab chiqarish xodimlari soni yana 2845 taga (5,2 foiz) qisqartirilmoqda. Hokimliklarning boshqaruv apparati xodimlari soni ham kamaytiriladi. O‘zbekistonda hozirgi kunda 21 ta vazirlik, 14 ta qo‘mita (13 ta edi), 26 ta agentlik (25 ta) va 9 ta inspeksiya (11 ta), jami 70 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari mavjud. Farmon bilan 70 ta davlat organi boshqaruv xodimlarining maksimal soni 53 560 nafar etib belgilandi. Bungacha xodimlar soni 56 509 nafarni tashkil etgan, ya’ni boshqaruv xodimlarining 5,2 foizi qisqartirilgan (2 949 shtat birligi). Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan respublika organlari xodimlarining soni 51 950 ming nafardan 49 105 nafarga, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan esa 4 919 nafardan 4 455 nafarga qisqartirilgan. |
|
Ombudsman to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda qabul qilindi |
|
O‘zbekiston Senati Inson huquqlari bo‘yicha vakil vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan “Ombudsman to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ma’qulladi. Endilikda Ombudsman parlamentga yillik hisobot berish o‘rniga prezident va hukumatga maxsus ma’ruzalar taqdim etadi. Mahkumlarning murojaatlari uchun qamoqxonalarda o‘rnatiladigan "ombudsman qutisi" joriy etildi. Endilikda Ombudsman parlamentga yillik hisobot o‘rniga prezident va hukumatga maxsus hisobotlar taqdim etadi. Mahkumlarning murojaatlari uchun ozodlikdan mahrum qilish joylariga o‘rnatiladigan “ombudsman qutisi” joriy etiladi. Qonunning yangi tahriri xalqaro tajribani inobatga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, Ombudsman vakolatlarining qo‘shimcha kafolatlarini, shuningdek, qonunchilikka oid takliflar kiritish huquqini nazarda tutadi. |
|
|
---|
|
O’zbekiston NNTlarining muvaffaqiyat tarixi |
|
|
---|
|
O‘zbekiston jamoasi TechWomen g‘olibi bo‘ldi |
|
O‘zbekistonlik mutaxassis-ayollar jamoasi autizmni erta tashxislashga qaratilgan “Bolajonim” loyihasi bilan Amerikaning nufuzli “TechWomen” dasturida g‘olib chiqdi. AQSh Davlat departamenti tomonidan qo‘llab-quvvatlangan dastur turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilarga Amerika kompaniyalarida besh haftalik amaliyot o‘tash va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatini berdi. O‘zbekiston jamoasi TechWomen’dagi to‘qqiz yillik ishtirokida ilk bor g‘olib bo‘lib, o‘ziga xos diagnostika metodini taqdim etdi. Metod takomillashtirilgandan so‘ng, Telegram orqali ota-onalarga taqdim etiladi. Tashabbus bolalarda autizm spektrining buzilishi haqida xabardorlikni oshirish va erta aniqlashga qaratilgan. Zero, O‘zbekistonda bu boradagi ma’lumotlar va tibbiy resurslar ko’p emas. “Bolajonim” loyihasi ota-onalarga o‘zbek tilida oddiy M-CHAT-R/F skriningini taklif qiladi, bu autizm xavfini aniqlashga yordam beradi va keyingi harakatlarni tavsiya qiladi. Jamoa tez orada 400 nafar bolani qamrab olgan xususiy klinikada tajriba sinovini o‘tkazadi, so‘ngra 2026-yilgacha teletibbiyot va maslahat funksiyalariga ega ilovani ishga tushirish uchun loyihani beshta davlat klinikasida kengaytiradi. |
|
Hunarmandchilik qashqadaryolik ayollarga yangi imkoniyatlar ochdi |
|
“Ma’rifat Manbai” tashkiloti va USAID hamkorligida amalga oshirilgan loyiha tufayli Qashqadaryo viloyatida 300 nafardan ortiq xotin-qiz gilamdo‘zlik, kigizdo‘zlik, kashtachilik va internet-tijorat kabi sohalarni puxta egalladi. Qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan loyiha ishtirokchilarga uyda o‘tirgan holda hunarmandchilikni o‘rganish va qo‘shimcha daromad olish imkonini berdi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan hunarmandlar ayollarga an’anaviy usullar, jumladan “bosma” kashtachilikni o‘rgatdi. Loyiha ishtirokchisi Dilafruz Alimova hunarmandchilikdan ilhomlanib, kooperativ tuzdi va bir necha xotin-qizlarni ish bilan ta’minladi. Loyiha doirasida Shahrisabz davlat pedagogika universiteti talaba qizlari uchun onlayn savdo bo‘yicha trening ham o‘rin olgan bo‘lib, u internet tarmog‘ida mahsulotlar savdosini tashkil etishga yordam beradi. Loyiha ishtirokchilarining namat shippaklari, paxta gilamlari kabi mahsulotlari Toshkentdagi Human House galereyasida allaqachon namoyish etilib, sayyohlar orasida mashhurdir. Ushbu loyiha qishloq ayollariga nafaqat yangi daromad olish imkoniyatlarini taqdim etdi, balki hunarmandchilikni ularning oilalarini qoʻllab-quvvatlovchi va jamiyatlarini ilhomlantiradigan qulay va talabga ega boʻlgan faoliyatga aylantirib, ularning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirdi. |
|
Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda NNTlarning roli |
|
Toshkentda “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish va samarali strategiyani ishlab chiqishda NNTlarning roli” mavzusida davra suhbati o’tkazildi. Tadbirda O‘zbekistonning turli hududlaridan 30 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Davra suhbati Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) moliyaviy ko‘magida “Yuksalish” harakati tomonidan tashkil etildi. Maqsad – nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan BRMlarni amalga oshirishda tajriba almashish, muvaffaqiyatli strategiya va loyihalarni muhokama qilish. Loyiha O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga yordam beradi, bu umumiy rivojlanish jarayoni uchun muhim ahamiyatga ega. NNTlarning butun faoliyati barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bilan chambarchas bog‘liq. Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar ekologik muammolarni hal etish, yoshlar bilan muloqot qilish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqdа. |
|
|
---|
|
O‘zbekistonda gender-nozik jurnalistika qo‘llab-quvvatlanmoqda |
|
|
---|
|
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda jurnalistlar va blogerlarning gender haqidagi konstruktiv reportajlar va gender dezinformatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha media ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihani boshladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari ommaviy muhokamalarda oʻz pozitsiyalarini aks ettiruvchi oʻz media-kontentini yaratish uchun 4000 yevrogacha grant oladi. Toshkentda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Yevropa Ittifoqi-Tabassum: gender tengligini targ‘ib qilish va yosh ayollar huquqlarini kengaytirish uchun media ko‘nikmalari” loyihasi ishga tushirildi. Byudjeti 500 ming yevro bo‘lgan loyiha Germaniyaning DW Akademie kompaniyasi va O‘zbekistondagi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi tomonidan Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyiha jurnalistlar va blogerlarning gender-konstruktiv reportajlar sohasidagi malakasini oshirish, shuningdek, tenglikni ta’minlash va gender stereotiplariga qarshi kurashish uchun xotin-qizlar va yoshlar uyushmalarini faollashtirishga qaratilgan. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaarning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus mamlakat ayollarining teng huquq va imkoniyatlarga erishishdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. |
|
|
---|
|
NASHR USTIDA ISHLADI: "Yuksalish" harakati jamoasi |
|
|
---|
|
© Copyright 2024 • info@yumh.uz • Toshkent, O'zbekiston Respublikasi |
|
|
---|
|
|
|